O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari Chexiya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida Praga shahrida "Made in Uzbekistan" milliy shourumi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur shourum O‘zbekistonning eksport salohiyatini Yevropa bozorida keng targ‘ib etish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda milliy ishlab chiqaruvchilar bilan Chexiya va boshqa Yevropa davlatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim platforma hisoblanadi. Shuningdek, u investitsiyaviy va savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shourum ekspozitsiyasida mamlakatimizning 17 ta yetakchi korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 48 turdagi mahsulot namoyish etilmoqda. Ular orasida sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika buyumlari, maishiy mahsulotlar hamda eksport salohiyati yuqori bo‘lgan boshqa turdagi tovarlar o‘rin olgan.
Tadbir davomida ushbu tashabbus O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoridagi nufuzini yanada oshirish, eksport yo‘nalishlarini kengaytirish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shourum faoliyati orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Chexiya hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga kirish, yangi biznes hamkorlarni jalb etish va istiqbolli savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilishi qayd etildi.



